O'zbekiston

Migrantlarga yangi imkoniyatlar, “shishirilgan” raqamlar va sohada saqlanib qolgan monopoliya – ekspertlar bilan suhbat

Yaqinda migrantlarga qo‘shimcha imtiyoz va imkoniyatlarni nazarda tutuvchi farmon qabul qilindi. Unda 2 yil ichida 600 ming odamni xorijga ishga jo‘natish, ularning ayrim xarajatlari uchun kompensatsiya to‘lanishi kabi yangiliklar ko‘zda tutilgan. Kun.uz soha ekspertlari bilan hujjatda qayd etilgan vazifalar realizatsiyasi va e’tibordan chetda qolayotgan muammolar haqida suhbatlashdi. 1 iyundan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning bir qancha xarajatlari uchun kompensatsiya to‘lanishi kutilmoqda. Bu prezidentning mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirishga oid farmonida belgilandi. Bundan tashqari, bu hujjat bilan yana qator yo‘nalishlarda mehnat muhojirlariga yengillik va yangiliklar bo‘lishi kutilmoqda. Ammo hujjatni tahlil qilgan mutaxassislar inobatga olinishi kerak bo‘lgan jihatlar haqida gapiryapti. Kun.uz farmonning shu nuqtalarini muhokama qilish uchun huquqshunoslar Botirjon Shermuhammad hamda Shohrux Rahmonov bilan suhbatlashdi. – Ko‘p hollarda migrantlar masalasi, ularning huquqlarini ta’minlash jiddiy qabul qilinmaydigandek ko‘rinadi. Buni Rossiyadagi vatandoshlar bilan bo‘layotgan holatlarga O‘zbekiston hukumatining munosabatidan yoki ancha avval migrantlarni soliqqa tortish taklifi berilganidan biroz anglasa bo‘ladi. Shu o‘rinda fikrlaringiz qiziq, mamlakatlar uchun xorijdagi mehnat muhojirligida yurgan yoki shu davlatda bo‘lib turgan boshqa mamlakatdan kelgan migrantlarning huquqlarini ta’minlash qanchalik ahamiyatli? Botirjon Shermuhammad: Buning ahamiyati juda katta. Har qanday vatandosh, O‘zbekiston fuqarosi chetga chiqadimi, mamlakat ichida bo‘ladimi, ularning huquq-manfaatlarini ta’minlash – davlatning birlamchi vazifasi. Boshqa davlat fuqarolari ham ular bilan bir xil huquqlarga ega, albatta, qonunchilikda qandaydir o‘zgarish yoki cheklovlar bo‘lishi mumkin. Lekin o‘zimizning fuqarolarni oladigan bo‘lsak, ular Rossiyada bo‘ladimi yoki boshqa qayerga borsa ham, Tashqi ishlar vazirligi shular bilan shug‘ullanishi kerak, ularning huquq-manfaatlarini himoya qilishi, xat-hujjat bilan muammo yuzaga kelsa, hal qilish bilan mashg‘ul bo‘lishi lozim. Ammo afsuski bizning Tashqi ishlar vazirligimizda mana shu yo‘nalish yaxshi rivojlanmagan. Umuman olganda, inson huquqlarini himoya qilish, vatandoshlarimiz bilan muammo kelib chiqqanida shov-shuv bo‘lgan bo‘lsa, munosabat bildiradi, yordam beradi, boshqa qiladi. Lekin odatiy holatda mana shu yo‘nalish yaxshi rivojlanmaganini ko‘ramiz. Konsullar bor, ularning asosiy vazifasi viza, vatanga qaytarish bilan bog‘liq yoki pasport bilan bog‘liq hujjatni rasmiylashtirish bilan o‘tadi. Lekin biror joyda muammo bo‘lgan vaqtda muammoga uchragan odamni topib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan munosabatga kirishish masalasi yaxshi rivojlanmagan. Umuman olganda, bu bo‘yicha ishlaydigan xodimlarning soni ham kam. Misol uchun, Rossiya, Turkiyani olsak, u yerda vatandoshlarimiz soni juda ham ko‘p. Ya’ni bir necha million odamga u yerdagi elchixonada ishlovchilarning yordam berishi qiyin masala, jismonan ulgurishmaydi. Shunga qaramay ham bu yo‘nalish yaqqol rivojlanmaganini ko‘ramiz.

Migrantlarga yangi imkoniyatlar, “shishirilgan” raqamlar va sohada saqlanib qolgan monopoliya – ekspertlar bilan suhbat