Mamarizo Nurmurodovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 1-choragida dollar kursining oshishiga valutaga bo‘lgan talab 17 foizga oshgani sabab bo‘lgan. Bu nafaqat import, balki boshqa to‘lovlar, xususan tashqi qarzlarni qaytarish bo‘yicha xarajatlar oshgan
O‘zbek so‘mi yil boshidan buyon AQSh dollariga nisbatan 2,3 foizga qadrsizlandi. 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda devalvatsiya 10,5 foiz atrofida bo‘ldi. O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurodov 25 aprel kungi matbuot anjumanida joriy yilning birinchi choragida devalvatsiya sur’ati nisbatan tezroq bo‘lganiga izoh berdi. Markaziy bank raisi yana bir bor valuta kursi talab va taklifdan kelib chiqib shakllanishini ta’kidlab, 25 aprelgi kungi valuta savdolari yakunlariga ko‘ra so‘m dollarga nisbatan 50 so‘mga mustahkamlanganini misol sifatida keltirib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunda savdolar vaqtidagi dollar taklifi (16 mln dollar) talabga nisbatan (11 mln dollar) sezilarli yuqori bo‘lgan, natijada milliy valuta mustahkamlangan. MB 26 apreldan boshlab belgilagan AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi – 12 640,21 so‘m bo‘lib, bu 25 aprel kungi kursdan 49,76 so‘mga arzon.