Iqtisodiyot

Rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi haftadan boshlab, avtotransport vositasi uchun muvofiqlik sertifikati kimning nomiga berilgan bo‘lsa, avtomobilni bojxonada faqat o‘sha shaxsning nomiga rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.

O‘zbekistonda 1 apreldan boshlab avtotransport vositalarini olib kirish tartibida o‘zgarish ro‘y beradi. Bu haqda “Rastamojka” Telegram-kanali xabar bermoqda. Kanalning yozishicha, hukumatning tegishli topshirig‘iga ko‘ra: 2024 yil 1 apreldan boshlab avtomashinalar bo‘yicha muvofiqlik sertifikati kimning nomiga berilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsning nomiga import bojxona rejimiga rasmiylashtiriladi. Boshqa jismoniy yoki yuridik shaxs nomiga berilgan muvofiqlik sertifikati asosida transport vositalari import bojxona rejimiga rasmiylashtirilmaydi. Shuningdek, bojxona ombori rejimidagi tovarni boshqa shaxsga o‘tkazish normasini avtotransport vositalariga nisbatan tatbiq etmaslik bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida hukumatga taklif kiritish topshirig‘i berilgani aytilmoqda. Kanal muallifi muvofiqlik sertifikati va utilizatsiya yig‘imi “tashqi savdoni notarif boshqarishning asosiy instrumenti bo‘lib qolayotgani”ni qayd etgan. Amaldagi tartibga ko‘ra, xorijda jismoniy shaxs nomiga sotib olingan avtomobilni O‘zbekistonga olib kirgandan keyin uni bojxonada yuridik shaxs (importyor, avtosalon) nomiga rasmiylashtirib olish va “schet-spravka” asosida birlamchi bozorda sotish mumkin. Yuqoridagi o‘zgarishlar kuchga kirgan taqdirda, bunday imkoniyat bo‘lmaydi, avtomobillarni faqat birlamchi xaridor nomiga bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Kun.uz bu borada ma’lumot berishni so‘rab Bojxona qo‘mitasiga murojaat qildi. Eslatib o‘tamiz, dekabr oyida xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarni faqat dilerlar tomonidan olib kirilishiga oid tartibni qayta tiklash va jismoniy shaxslarning transport vositalarini tijorat maqsadida olib kirishini taqiqlash haqidagi hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilgani ma’lum bo‘lgandi. Avvalroq “O‘zavtosanoat” bilan birga Jizzaxda elektromobil va gibrid avtomobillarni yig‘ishni tashkil etayotgan BYD kompaniyasi O‘zbekiston hukumatiga murojaat qilib, O‘zbekiston iqlimi va yo‘l sharoitlariga moslashtirilmagan holda, rasmiy kafolatsiz olib kirilayotgan BYD brendi ostidagi avtomobillar importini cheklashni so‘ragandi.

Fuqarolarning tijorat maqsadida avtomobil olib kirishi 1 apreldan taqiqlanishi mumkin