Buxoro tumanidagi “Karim Qahhor” fermer xo‘jaligi viloyatda birinchilardan bo’lib paxta topshirish shartnomaviy rejasini ortig‘i bilan bajardi
“Karim Qahhor” fermer xo‘jaligini Buxoro tumanida ilg‘orlar qatorida tilga olishadi. Rahmon Karimov rahbarlik qilayotgan xo‘jalik tashkil topgan 2005 yildan buyon davlatga paxta va g‘alla shartnomasini muntazam ortig‘i bilan bajaradi. "Gulshanobod" mahallasida faoliyat olib borayotgan "Karim Qahhor" fermer xo‘jaligi joriy yilgi paxta terimining ilk kunlaridanoq 260 tonnadan ortiq xirmon yaratdi. Har gektar yerdan olingan hosildorlik salmog‘i 60 sentnerdan oshdi. – Guvohi bo‘layotganingizdek, dalada hali paxta mo‘l, – deydi Rahmon aka. – Shuning hisobiga bu yilgi hosildan 800 million foyda olishni rejalashtiryapmiz. Bu xo‘jaligimiz uchun o‘ziga xos imkoniyatlar beradi. Ilg‘or terimchilarni rag‘batlantiramiz, zamonaviy texnikalar xarid qilib, qo‘shimcha tarmoqlar faoliyatini yo‘lga qo‘yamiz.